OpenAI, Oracle va SoftBank AQShda yirik SI markazlari quradi

OpenAI, Oracle va SoftBank AQShda beshta yangi sun’iy intellekt ma’lumot markazi qurish rejasini e’lon qildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Loyiha Tramp tashabbusi bilan boshlangan Stargate dasturi doirasida amalga oshirilmoqda va uning umumiy qiymati $500 mlrdga baholanmoqda.
Yangi markazlar Texasning Shackelford va Milam okruglari, Nyu-Meksikoning Dona Ana okrugi, Ogayoning Lordstown shahri hamda O‘rta G‘arb hududidagi maxfiy joyda quriladi. Bu markazlar yordamida uch yil ichida $400 mlrddan ortiq investitsiya jalb qilinib, umumiy quvvat 7 gigavattga yetkaziladi. Dastlabki maqsad esa 10 gigavattlik quvvatga erishishdan iborat.

«SI faqat zarur hisoblash quvvatiga ega bo‘lgandagina o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon qila oladi», — deydi OpenAI rahbari Sem Altman.
Yangi obyektlar 25 mingga yaqin ish o‘rni yaratishi kutilmoqda. Stargate loyihasiga Microsoft ham qo‘shilib, ChatGPT va Copilot kabi generativ SI xizmatlarini kuchaytirish uchun ulkan ma’lumot markazlari tarmog‘ini yaratishda yordam bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nvidia OpenAI’ga $100 milliard investitsiya kiritishi haqida yozgan edik.