O‘zbekiston Rossiyadagi konsert vaqtida o‘tkazilgan maxsus reyd bo‘yicha advokat yubordi

22-sentabr kuni Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida joylashgan «Korona» banket zalida «OMON» va maxsus xizmatlar reyd o‘tkazdi. O‘zbekiston Migratsiya agentligi holat yuzasidan izoh berdi.
«Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida, litsenziyaga ega advokat voqea joyiga yuborildi. Ayni paytda mazkur holat Rossiya Federatsiyasining amaldagi qonunchiligi doirasida o‘rganilmoqda», — deyiladi izohda.
Shuningdek, Rosiiya IIVning mintaqaviy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda xizmat itlari ham jalb qilingan.
Reyd o‘zbekistonlik xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev konsert berayotgan zalda bo‘lib o‘tgan. Mahalliy OAV va xonandaning sahifalarida uning Rossiyada xizmat safari bilan yurgani tasdiqlangan.
Tekshiruv davomida jami 620 kishi hujjat nazoratidan o‘tkazildi. Shulardan 210 nafari xorijlik bo‘lib chiqdi. Ulardan hech qanday taqiqlangan buyum yoki giyohvand moddalar aniqlanmadi.
Shu bilan birga, 26 kishi politsiyaga olib ketildi, ulardan 8 nafari Rossiyada noqonuniy bo‘lib chiqqan. Hozircha ular qaysi davlat fuqarolari ekani ochiqlanmadi.
Reyd yakuniga ko‘ra, mamlakatga kirish va bo‘lish tartibini buzish bo‘yicha jami 19 ta ma’muriy huquqbuzarlik qayd etildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Ukrainada qul qilib ishlatilgan o‘zbekistonliklar haqidagi xabarlarga izoh berilgani haqida yozgandi.