O‘zbekistonga benzin eksport qilinmayapti — Qozog‘iston Energetika vazirligi

Qozog‘iston Energetika vazirligi ayrim OAVda tarqalgan O‘zbekiston Qozog‘istondan benzin sotib olayotgani mazmunidagi xabarlarni rad etdi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, mamlakat hududida yonilg‘i-moylash mahsulotlarini tashishga qo‘yilgan taqiq hanuz kuchda qolmoqda.
Rasmiy bayonotda ko‘ra, hozirda Qozog‘istondan na O‘zbekistonga, na boshqa davlatlarga benzin eksport qilinyapti. Hukumat noqonuniy tashish va kontrabandaning oldini olish bo‘yicha maxsus choralar ko‘rayotgani bildirildi.
Shuningdek, ayrim OAV tilga olgan holatlar bu yilning bahorida, aniqrog‘i aprel-may oylarida ichki bozorda ortiqcha zaxiralar paydo bo‘lgan paytda qabul qilingan vaqtinchalik qaror bo‘lgan. O‘shanda AI-92 markali benzinni cheklangan hajmda eksport qilishga ruxsat berilgan edi. Bu esa xalqaro amaliyotda bo‘lganidek, omborlarni optimallashtirish va budjetga qo‘shimcha soliq tushumlari ta’minlash uchun amalga oshiriladigan tartib hisoblanadi.
Shu bilan birga, iyun oyidan boshlab eksport butunlay to‘xtatilgani va rejali ta’mirlash ishlari oldidan strategik zaxiralar jamg‘arila boshlangani qayd etildi.
Vazirlikka ko‘ra, davlat nazoratini bekor qilish va eksport taqiqi ichki bozorda vaziyatni barqarorlashtirdi. Natijada yoz boshiga kelib, AI-92 benzini zaxiralari 70 foizga, dizel zaxiralari esa 78 foizga oshdi.
Hozirgi vaqtda Qozog‘iston ichki bozori to‘liq ta’minlangan va vaziyat barqaror ekani bildirildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Qozog‘istondan benzin sotib olishni boshlagani haqida Inbusiness.kz nashriga tayanib yozgandi.