
Turkmanistonda Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida o‘tgan Xalq Maslahati majlisida pensiya, nafaqa va stipendiyalarni har yili oshirish amaliyotini bekor qilish taklifi bildirildi.
Mazkur taklifni Xalq Maslahati oqsoqollar kengashi a’zosi, faxriy oqsoqol Yazmyrat Atamyradov ilgari surdi. U pensiya va nafaqalarni har yili 10 foizga oshirishni hech bir mamlakatda bo‘lmagan imtiyoz, deya ta’rifladi.
Atamyradovning ta’kidlashicha, Turkmanistonda har bir oila zarur sharoitlarga ega bo‘lib, odamlar bemalol o‘qishga va ishlashga boradi. Uning fikricha, aholining ijtimoiy turmush darajasi yetarli darajada yuqori va shu bois davlat to‘lovlarini oshirishni to‘xtatish zarur.
Biroq bu gaplar turkman jamiyatida keskin tanqidga sabab bo‘ldi. Turkmenportal nashri Instagram sahifasida yangilikka bildirilgan izohlarni yopib qo‘yishga majbur bo‘ldi. Foydalanuvchilarning aksariyati mamlakatda inflyatsiya 10 foizdan ancha yuqori ekanini eslatdi. Masalan, yarim yil ichida go‘sht narxi ikki baravar oshib, 100 manatga yetgani ta’kidlandi.
Hozircha Atamyradovning taklifi bo‘yicha rasmiy qarorlar e’lon qilinmagan. Ma’lumot uchun, 2015-yilda ham oqsoqollar xalqning turmush darajasi yuqoriligini bahona qilib, bepul gaz, elektr va suvni bekor qilishni so‘rashgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirg‘izistonda shu yilning 1-oktabridan boshlab pensiyalar miqdori oshirilishi haqida yozgandi.