
Shota Rustaveli ko‘chasi Shahrisabz ko‘chasidan Cho‘pon ota ko‘chasigacha bo‘lgan qismi avtomobillar harakati uchun ochildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Cho‘ponota ko‘chasidan Yangi Sergeli ko‘chasigacha bo‘lgan qismda esa ishlar davom etmoqda.
Yo‘l texnik tarzda ochilgan bo‘lib, qurilishning yakuniy bosqichi hali tugallanmagan. Hozircha yo‘l chiziqlari vaqtinchalik chizilgan, svetoforlar ishlamoqda, yo‘l belgilarining aksariyati o‘rnatilgan. Avtobus bekatlari va boshqa zarur jihozlarni o‘rnatish ishlari esa davom etmoqda.
Ish jarayonida ayrim kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Shu sababli hokimlik haydovchilar, piyodalar va ota-onalardan ehtiyotkorlik bilan harakat qilish, ishchilar va texnikaga to‘sqinlik qilmaslikni so‘ragan.
Transport vazirligiga ko‘ra, rekonstruksiya yakuniga yetgach quyidagilar amalga oshirilishi kutilmoqda:
- 10 ta yo‘lakdan 6 tasi avtomobillar, 2 tasi avtobuslarga qolgan 2 tasi to‘xtash joylari uchun ajratiladi;
- 11 ta avtobus bekati va 500 ga yaqin to‘xtash joyi tashkil qilinadi;
- velosiped yo‘laklari hamda 21 ta piyoda va velosiped o‘tish joyi barpo etiladi;
- avtobus qatnovi 40 foizga, yo‘lovchilar oqimi esa ikki barobarga oshadi;
- qatnov vaqti 25 daqiqadan 18 daqiqaga qisqaradi, tezlik 18,5 km/soatdan 23,6 km/soatgacha ko‘tariladi;
- avtobuslar harakati oraliq intervali 7 daqiqagacha kamayadi.
Rekonstruksiya yakunlangach, yangi yo‘nalishlar va bekatlar haqida qo‘shimcha ma’lumot rasmiy kanallar orqali e’lon qilinadi.
Avvalroq Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasining Janubiy vokzaldan (TRC Vega) O‘zgarish metrosigacha bo‘lgan qismi vaqtincha yopilishi mumkinligi xabar qilingandi. Shu bois Chilonzor tomonidan Sergeli va Qo‘yliq tomonga harakatlanadigan barcha avtobuslar Janubiy vokzalga yetmasdan, Kichik halqa avtomobil yo‘li (KHAY) orqali Yangi Sergeli prospekti va Xonobodtepa ko‘chasi (sobiq THAY) orqali aylanma yo‘ldan qatnaydi.
Agar cheklov kuchga kirsa, Chilonzor tomonidan kelayotgan yo‘lovchilar Sergeli tomon ketadigan avtobuslarga Janubiy vokzaldan oldingi — Bog‘ibo‘ston ko‘chasi bekatidan chiqishlari mumkin bo‘ladi. Shu bekatdan Sergeli tomon harakatlanadigan 75 va 126-avtobuslarga ham chiqish mumkin.