Gadjetlar

Smartfonni zaryadlashda nimalarga e’tibor berish kerak

Smartfonni zaryadlash
Smartfonni zaryadlashda nimalarga e’tibor berish kerak / Foto: Tom’s Guide

Ko‘pchilik smartfonni qanday va qachon zaryad qilish kerakligini aniq bilmaydi. Ba’zilar har kecha zaryadga qo‘yadi, ba’zilar esa faqat batareya tugaganda ulaydi. Aslida esa bir xil to‘g‘ri yo‘l yo‘q, lekin bir nechta tavsiyalar bor. Gizmochina nashri smartfonni to‘g‘ri zaryadlash bo‘yicha tavsiyalarini e’lon qildi.

Smartfonlarda qanday batareyalar o‘rnatiladi?

Zamonaviy smartfonlar litiy-ion batareyalardan foydalanadi. Eski nikel batareyalardagi xotira effekti ularda yo‘q. Litiy-ion batareyalar asta-sekin har bir zaryad siklida eskiradi. Bir sikl — bu 100 foizlik ishlatish, lekin uni birdan emas, bo‘lib-bo‘lib ham tugatish mumkin.

Smartfonni to‘g‘ri zaryadlash qanday amalga oshiriladi / Foto: Ochiq manba

Masalan, bugun 50 foiz ishlatib zaryad qilsangiz, ertaga yana 50 foiz ishlatib zaryadlasangiz — bu bitta sikl sanaladi. Odatda smartfon batareyalari 500–800 sikldan so‘ng sezilarli zaiflashadi.

Smartfonni qanday zaryadlash kerak?

Eng ko‘p beriladigan savollardan biri — telefonni nol foizgacha tushirib keyin zaryad qilish kerakmi? Javob yo‘q. Batareyani doim nolga tushirish unga zarar yetkazadi. Optimal daraja 20 foizdan 80 foizgacha bo‘lgan oraliqdir. Shu oraliqda ishlatish batareyani uzoqroq xizmat qilishiga yordam beradi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Shuningdek, smartfonni tunda zaryadda qoldirish ham zararli emas. Zamonaviy telefonlar 100 foizga yetgach, avtomatik tarzda zaryad olishni to‘xtatadi. Lekin batareyaning doim 100 foizda turishi uzoq muddatda eskirishni tezlashtirishi mumkin. Shu sababli ko‘plab ishlab chiqaruvchilar «optimallashtirilgan zaryad» funksiyasini qo‘shgan.

Kun davomida qisqa muddatli zaryadlash ham foydali. Masalan, 40 foizda bo‘lsa va siz uni 70 foizgacha chiqarib olsangiz, bu batareya uchun sog‘lomroq odat. Zaryadlash vaqtida telefon isib ketsa, ayniqsa simsiz zaryadda, uni ajratib qo‘yish foydali bo‘ladi.

Tezkor zaryadlash qanchalik foydali

Tezkor zaryad texnologiyasi qulay, ammo ko‘p ishlatilsa issiqlik sabab batareyaga zarar yetkazishi mumkin. Oddiy sekin zaryad esa batareyaga yumshoqroq ta’sir ko‘rsatadi.

Foto: Blackview

Umuman olganda, batareyani to‘liq himoya qilishning iloji yo‘q. U baribir vaqt o‘tishi bilan zaiflashadi. Ammo uni 20–80 foiz oralig‘ida ishlatish, ortiqcha issiqlikdan asrash va to‘g‘ri zaryadlash odatlari batareya umrini ancha uzaytiradi.

Demak, telefoningizni kerak bo‘lganda zaryadlang, lekin batareyani asrash uchun haddan tashqari past yoki doimiy to‘liq zaryadga tushmaslikka harakat qiling.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri eng yaxshi smartfonlar reytingi yangilangani haqida yozgan edi.