Tadbirkor va qurilishdagi korrupsion holatlar yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazilmoqda

eʼlon qilindi
Agentlik ham ushbu holatlarni tahlil qilmoqda
Toshkent
Foto: Vikipediya

Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorning qurilish sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida sohadagi korrupsiyaviy holatlar haqida bildirgan fikrlari keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu masalaga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham e’tibor qaratdi va o‘rganish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 4-sentabr kuni tadbirkor bilan rahbariyat hamda mas’ul xodimlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazilib, unda sohadagi korrupsiyaviy omillar yuzasidan fikrlar tinglandi. Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari va jismoniy shaxslarning bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish yoki qo‘shimcha obyektlar qurishga ruxsat olishdagi murojaatlari hamda asossiz rad etilgan holatlar tahlil qilinmoqda.

Shuningdek, Call-markaz – 1253 orqali aholi va tadbirkorlarning sohadagi korrupsiya va byurokratiyaga oid murojaatlari qabul qilinmoqda. Agentlik bu jarayonda fuqarolarning murosasiz pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashini, korrupsiyaga oid har bir xabar atroflicha o‘rganilishini va murojaat qilgan shaxslarning himoyasi ta’minlanishini ta’kidladi.

Hozirda «Sizningcha, qurilish sohasining qaysi yo‘nalishida korrupsiyaviy xavflar yuqori?» mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazilmoqda. Agentlik yakuniy natijalar asosida mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda sohadagi korrupsion omillarni kamaytirish, inson omilini cheklash va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan choralarni ishlab chiqishini bildirdi.

Voqealar rivoji

29-avgust kuni qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov sohada asossiz rad etishlar va korrupsiyaviy holatlar mavjudligini tilga olgan edi.

So‘ng Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqidagi fikrlar bo‘yicha izoh berdi. 

Shuningdek, Kadastr agentligi ham qurilish uchun ruxsatnoma berish ishlarida ishtirok etmasligini izohlagandi.

Shundan so‘ng Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bu holat xodimlarning sha’ni va obro‘siga putur yetkazganini qayd etib, fuqaro Usmonjon Abdusamadovga nisbatan huquqiy baho berish va tegishli javobgarlik choralarini ko‘rish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ariza taqdim etdi.

Biznes-ombudsman esa barcha davlat organlarini tadbirkorlarning fikrlarini tinglashga va biznes yuritishga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni hal etishda konstruktiv yechimlarni birgalikda izlashga chaqirdi.

Shuningdek