TIV Singapurdagi o‘zbekistonliklarni elektron sigaretalar bo‘yicha ogohlantirdi

O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasi 2025-yil 1-sentabrdan boshlab mamlakatda kuchga kirgan yangi choralar haqida xabar berdi.
Unga ko‘ra, Singapurda tamaki mahsulotlarini qizdiruvchi qurilmalar (IQOS va boshqalar) hamda elektron sigaretalar (veyplar), xususan K-pods turidagi va tarkibida etomidat bo‘lgan veyplarga nisbatan yanada qat’iy choralar kuchga kirgan.
Endilikda bunday qurilmalarni Singapurga olib kirish, sotish, saqlash yoki ishlatish mutlaqo taqiqlanadi. Saqlash yoki chekish 2 000 singapur dollarigacha (19 mln so‘m) jarima, sotish yoki olib kirish esa 10 000 singapur dollarigacha (94,5 mln so‘m) jarima va yoki 6 oygacha qamoq bilan jazolanadi. Takroriy holatlarda jarima 20 000 dollargacha (189 mln so‘m), qamoq muddati esa 12 oygacha yetishi mumkin.
K-pods turidagi veyplar giyohvand moddalar bilan bog‘liq qurilma sifatida baholanadi, etomidat esa S sinfdagi giyohvand moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. Ularni kontrabanda yo‘li bilan olib kirish uch yildan 20 yilgacha qamoq hamda beshtadan 15 tagacha qamchin jazosi bilan jazolanadi.
Elchixona o‘zbekistonliklarga Singapurga elektron sigaretalar yoki shunga o‘xshash qurilmalarni olib kirishdan va ulardan foydalanishdan qat’iyan voz kechishni tavsiya etmoqda.
Avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati Rossiyadagi migrantlarni «A.U.Y.» jinoiy guruhidan ogohlantirgandi. Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiyadagi ko‘plab mehnat muhojirlari va yoshlar ushbu guruh ta’siriga tushib qolmoqda.