Avto

Toyota Highlander 2026 avtomobili savdoga chiqdi

Toyota Highlander 2026
Toyota Highlander 2026 savdoga chiqdi / Foto: Autohome

Xitoyda GAC Toyota qo‘shma korxonasi tomonidan Toyota Highlander 2026 avtomobili rasman sotuvga chiqarildi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.

Krossoverning dizayni o‘zgarishsiz qolgan, biroq ichki jihozlari sezilarli darajada yangilandi. Narxi 220 ming yuandan (taxminan $30 ming) boshlanadi.

Mashina o‘lchamlari 4965×1930×1750 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2850 mmni tashkil etadi. Hozircha model faqat besh o‘rinli versiyada taqdim etilgan.

Foto: Autohome

Salonida 15,6 dyuymli yangi multimedia tizimi o‘rnatilgan. U Qualcomm Snapdragon SA8155P protsessori asosida ishlaydi va CarPlay hamda Huawei HiCar 5.0 tizimlarini ham simli, ham simsiz rejimda qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, tizim yangilanishlarni internet orqali qabul qila oladi. Qulaylik sifatida 50 Vt quvvatga ega simsiz zaryadlash va avtomobil atrofini to‘liq ko‘rsatib beruvchi kamera tizimi ham mavjud.

Foto: Autohome

Texnik jihatdan bazaviy versiya 2,0 litrli 247 ot kuchiga ega turbomotor va 8 pog‘onali avtomatik uzatma bilan ta’minlangan. Shuningdek, 2,5 litrli 189 ot kuchiga ega motor asosida yaratilgan gibrid versiyalar ham taklif etiladi. Ularning umumiy quvvati monoprivodda va to‘liq g‘ildirakdan tortishda 236 ot kuchiga yetadi.

Toyota Highlander 2026 o‘zining keng saloni va zamonaviy texnologiyalari bilan Xitoy bozorida eng so‘nggi talablarga javob beruvchi krossover sifatida taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi Toyota Levin avtomobilining suratlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.