
Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tuproq tahlil markazi birgalikda yangi tadqiqot loyihasini ishga tushirdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Loyiha qishloq xo‘jaligida barqaror amaliyotlarni rivojlantirish va tuproq sho‘rlanishini kamaytirishga qaratilgan. Tajriba doirasida besh yil davomida paxta-bug‘doy-makkajo‘xori almashlab ekish tizimida kaliy, kalsiy, magniy va oltingugurtga boy tabiiy mineral o‘g‘it — poligalit qo‘llanadi.
Bu usul tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirishga, shuningdek, fermerlarga amaliy tavsiyalar berishga yordam beradi.
Loyiha O‘zbekiston va XAEA o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni kuchaytiradi hamda mamlakatning asosiy ekologik muammolaridan biri — tuproq sho‘rlanishini kamaytirishga xizmat qiladi.
23-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev BMTning 80-yubiley sessiyasidagi nutqida ekologik muammolarni ham tilga olgandi. Unda iqlim o‘zgarishi va suv resurslari masalasiga to‘xtalgan prezident Orol dengizining qurib borishining salbiy oqibatlarini eslatdi va 2030-yilga kelib uning 80 foizi yashil o‘simliklar bilan qoplanishini ma’lum qildi. Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston suvni tejash bo‘yicha Jahon forumini o‘tkazishni va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, Uzcosmos agentligi BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) bilan hamkorlikda qurg‘oqchilikni monitoring qilish tizimini ishlab chiqmoqda. Tizim sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga asoslanib, tuproq namligi, ekinlar holati va suv havzalari bo‘yicha tezkor kuzatuvlarni olib boradi.