Gadjetlar

Xiaomi 17 smartfonlari yangi Light Hunter 950L kamera sensori bilan taqdim etiladi

Xiaomi 17 smartfonlari yangi Light Hunter 950L kamera sensori bilan taqdim etiladi / Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi taqdim etadigan Xiaomi 17 smartfonlari yangi Light Hunter 950L kamera sensori bilan taqdim etiladi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda.

Yangi kamera tizimi asosiy modulida bitta shisha va oltita plastik linzadan iborat bo‘ladi. Linzalar maxsus magniy ftorid qoplamasi bilan himoyalangan bo‘lib, bu yoritilgan sirtlarda hosil bo‘ladigan bliklarni sezilarli darajada kamaytiradi. Shuningdek, LSC qoplamasi ekranning xiralashishini oldini oladi, ALD+PVD+SWC texnologiyasi esa ortiqcha yorug‘liklarni bartaraf etadi.

Foto: Xiaomi

Yana bir katta yangilik — smartfonlar LOFIC texnologiyasiga ega sensorlar bilan chiqadi. Bu esa 16,5 pog‘ona ekspozitsiya dinamik diapazonini ta’minlaydi. Muhimi, keng diapazon faqat surat va video uchun emas, balki prevyu rejimida ham ishlaydi, ya’ni ekranda ko‘riladigan ranglar tayyor kadrlarga to‘liq mos keladi.

Xiaomi ilk bor yangi Light Hunter 950L sensoridan foydalanmoqda. Mutaxassislar «L» harfi aynan LOFIC texnologiyasini bildiradi deb taxmin qilmoqda.

Foto: Xiaomi

Taqdimot 25-sentabr bo‘lib o‘tadi. Xiaomi 17 liniyasi dunyoda birinchi bo‘lib Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi 17 va iPhone 17 smartfonlari o‘rtasidagi o‘xshashliklarni yozgan edi.