Avto

Xitoyda Geely Monjaro 2026 avtomobili savdosi boshlandi

Xitoyda Geely Monjaro 2026 savdosi boshlandi / Foto: Autohome

Geely kompaniyasi tomonidan Xitoy bozorida yangilangan Geely Monjaro 2026 avtomobili rasman sotuvga chiqarildi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.

Krossover uch xil komplektatsiyada taqdim etilib, narxi 145,7 ming yuandan (taxminan $20 ming) boshlanadi.

Foto: Autohome

Yangilangan Monjaro avvalgidan kattaroq hajmda taqdim etiladi. U 2 litrli, 272 ot kuchiga ega benzinli dvigatel va 8 pog‘onali avtomatik uzatma bilan jihozlangan. Mashinada adaptiv osma tizimi mavjud bo‘lib, 0 dan 100 km/soat tezlikka atigi 7,3 soniyada chiqadi.

Avtomobil o‘lchamlari 4795×1895×1689 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2845 mm. Salonida uchta ekran saqlanib qolgan, biroq konfiguratsiya yangilandi: endi ikki katta ekran bitta blokka birlashtirilgan. Bu yechim ilgari Li Auto avtomobillarida qo‘llangan uslubni eslatadi.

Foto: Autohome

Yangi modelning narxi va texnik imkoniyatlari uni Xitoyda xaridorlar orasida yuqori talabga ega qildi. Shu bilan birga, Geely bugun yana bir yangilikni e’lon qildi — Geely Preface 2026 savdosi ham boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi Geely Galaxy M9 taqdim etilgani haqida yozgan edi.