
Chet tili o‘qituvchilaridan kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi muddati uzaytirildi. Unga ko‘ra pedagoglarga 2025-yil oxirigacha ishlashga ruxsat berildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri buyrug‘i bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari rahbarlariga quyidagi vazifalar yuklatildi:
- sertifikatsiz o‘qituvchilarni aniqlab, ulardan joriy yil oxirigacha imtihonlarda qatnashishi haqida tilxat olish;
- sertifikat muddati tugaydigan o‘qituvchilarga o‘quv yili so‘ngigacha ishlash imkoniyatini berish;
- muddatsiz sertifikatlarning amal qilish muddatini 3 yil etib belgilash;
- Vakant o‘rinlarga xorijiy til yo‘nalishida o‘qiyotgan 3–4-kurs talabalari orasidan zaxira shakllantirish.
Shuningdek, 1-dekabrgacha barcha hududlarda sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ularni milliy va xalqaro test sinovlariga tayyorlash uchun malakali mutaxassislar jalb qilinadi.
Buyruq ijrosi yuzasidan yakuniy hisobot 2025-yil 20-dekabriga qadar taqdim etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov pedagoglar uchun pensiya yoshini 50 yosh qilib belgilash kerakligini aytgani haqida yozgandi.