Gadjetlar

Foydalanuvchilar yangi iPhone’ning Wi-Fi muammolaridan shikoyat qilmoqda

So‘nggi to‘rt kun ichida MacRumors forumlari, Reddit va Apple Support Community’da yuzlab izohlar qoldirilgan
iPhone Wi-Fi
Yangi iPhone smartfonlarida Wi-Fi muammosi / Foto: MacRumors

iPhone 17, iPhone 17 Pro, iPhone 17 Pro Max va iPhone Air foydalanuvchilari Wi-Fi muammosidan shikoyat qilmoqda. So‘nggi to‘rt kun ichida MacRumors forumlari, Reddit va Apple Support Community’da yuzlab izohlar qoldirilgan.

Muammo shundaki, Wi-Fi vaqti-vaqti bilan uzilib, telefon qulfini ochgandan so‘ng qayta ulanadi. Bu holat CarPlay tizimiga ham ta’sir qiladi, chunki u Wi-Fi orqali ishlaydi va avtomobil bilan bog‘lanish uzilib qolishi mumkin.

Ayrim foydalanuvchilar muammo Apple Watch ulanib turganda tez-tez yuz berishini aytmoqda, ammo bu omil doimiy sababmi yoki yo‘qligi aniq emas. MacRumors muammoni qayta tiklashga urinib ko‘rgan, ammo natija bermagan. Hozircha Apple rasmiy izoh bermadi.

Muammo dasturiymi yoki boshqami hozircha noma’lum. Apple bunday xatoliklarni ko‘pincha iOS yangilanishlari orqali tuzatadi. Yaqin kunlarda chiqishi kutilayotgan iOS 26.0.1 buni hal qilishi mumkin, biroq hozircha aniqlik yo‘q.

Yangi iPhone’lar ilk bor Apple’ning maxsus ishlab chiqilgan N1 chipi bilan jihozlandi. Bu chip Wi-Fi 7, Bluetooth 6 va Thread texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Avvalgi modellarda esa Broadcom chipidan foydalanilgan. Apple N1 chipini energiya tejamkorligi bilan maqtamoqda va u AirDrop, Personal Hotspot kabi funksiyalarning barqaror ishlashini ta’minlashini bildirgan edi.

Ammo hozircha ayrim foydalanuvchilar uchun bu chip Wi-Fi barqarorligida kutilgan natijani bermayotganga o‘xshaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone Air smartfoning afzalligi nimada ekanligi haqida xabar bergan edi.