
Kiyev Moskvaga Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin uchrashuvini Qozog‘istonda o‘tkazish taklifi bilan ham chiqqan. Bu haqda Fox News telekanali xabar berdi.
Zelenskiy AQShning Special Report dasturiga bergan intervyusida Ukraina, G‘arb davlatlari va Turkiya Rossiyaga u hamda Putin uchrashuvini Qozog‘istonda o‘tkazishni taklif qilganini aytgan.
«Biz uchrashuvni Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, shuningdek, Yevropadagi Avstriya va Shveysariya kabi betaraf mamlakatlarda o‘tkazishni taklif qildik. Shu bilan birga, agar siz Qozog‘istonda uchrashmoqchi bo‘lsangiz, biz bunga ham tayyormiz, dedik», dedi Zelenskiy.
Avvalroq Putin uchrashuv joyi sifatida Moskvani tilga olgandi. Zelenskiy bu taklifni Rossiya tomonining uchrashuvdan qochish belgisi sifatida baholagan.
Shuningdek, Zelenskiy turli formatdagi dastlabki uchrashuvlarga tayyor ekanini yana bir bor bildirgan, ammo u Moskvaga borishdan bosh tortgan.
Avgust o‘rtalarida AQSh prezidenti Donald Tramp va Putin Alyaskada uchrashgan edi. Shundan so‘ng Oq uy Rossiya va Ukraina prezidentlarining yuzma-yuz uchrashuviga tayyorgarlik boshlanganini e’lon qilgan.