Yangiliklar

AQShda 38 yil nohaq qamoqda o‘tirgan erkakka $25 million tovon puli to‘landi

2021-yilda qayta ko‘rib chiqilgan ish materiallari orqali haqiqat yuzaga chiqqan
AQShda 38 yil nohaq qamoqda o‘tirgan erkakka $25 million tovon puli to‘landi / Foto: AP

Kaliforniyada 38 yil davomida nohaq qamoqda saqlangan 72 yoshli Moris Xastings $25 mln miqdorida tovon puli oldi. Bu shtat tarixidagi eng yirik nohaq mahkumlik uchun to‘lov sifatida qayd etildi, deya yozmoqda CNN.

Xastings 1983-yilda zo‘rlash va o‘ldirishda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Ammo keyinchalik DNK tahlillari uning begunohligini isbotladi. Asl jinoyatchi – boshqa ayolni o‘g‘irlash va zo‘rlashda ham aybdor bo‘lgan Kennet Paknett ekani aniqlandi. U 2020-yilda qamoqda vafot etgan.

Xastings 2000-yilda DNK tekshiruvini talab qilgan, biroq o‘sha paytda prokuratura bunga ruxsat bermagan edi. Faqat 2021-yilda qayta ko‘rib chiqilgan ish materiallari orqali haqiqat yuzaga chiqdi. 2022-yilda sud hukmini bekor qildi, 2023-yilda esa uni «faktik begunoh» deb e’lon qildi.

«Nohaq qamoqda o‘tkazgan 38 yilimni hech qanday pul qaytarib bera olmaydi, ammo bu tovon mening yangi hayot boshlashimga yordam beradi», — dedi Xastings.

U hozir Janubiy Kaliforniyada yashaydi va cherkov faoliyatida faol qatnashadi. Advokatlari esa bu ish politsiya va tergov idoralariga saboq bo‘lishi, bunday adolatsizlik uchun katta narx to‘lashga to‘g‘ri kelishini ta’kidlashdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mushukka qaynoq suv quygan xitoylik fuqaro jazoga tortilgan edi.