Avto

Chevrolet Damas avtomobilining eskirmaslik sabablari

Yanvar-avgust oylarida 66 ming dona Damas xarid qilingan
Chevrolet Damas avtomobili
Chevrolet Damas avtomobilining eskirmaslik sabablari / Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston avtomobil bozorida Chevrolet Damas 30 yildan buyon ommabopligicha qolmoqda. Birgina misol, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 66 ming dona Damas xarid qilingan. Xo‘sh, bu model qaysi jihatlari bilan xalq e’tiborini qozonmoqda? Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Damas avtomobilining eskirmaslik sabablari haqida so‘z yuritiladi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Model haqida qisqacha: texnik xususiyatlari va narxi

Modelning narxi 93 156 000 so‘mdan boshlanadi. Bu kichik biznes uchun qulay tanlov. Model 0,8 litrli, 38 ot kuchiga ega benzin dvigateliga ega. 5 pog‘onali mexanik uzatma bilan taqdim etiladi.

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Orqa g‘ildirakdan tortish tizimi sharoitga tez moslashadi. Shahardagi tirbandlikda ham Damas o‘zini ishonchli tutadi. Burilish radiusi kichik, manevr qilish oson.

Uning yoqilg‘i sarfi 7,0 l/100 km atrofida. Ishlab chiqaruvchi 6,5 – 9,3 l/100 km diapazonini ko‘rsatadi. Tejamkorlik tadbirkor uchun kunlik xarajatni kamaytiradi.

Kuzov besh eshikli. Yuk ortish va tushirish qulay. Bagaj bo‘limi 450 kg.gacha yukni ko‘tara oladi. Texnik xizmat oddiy. Ehtiyot qismlar topilishi oson.

Damas uch amaliy modifikatsiyada sotiladi. Yo‘lovchi versiyasi 2+3+2 sxema bo‘yicha 7 o‘ringa ega. Kombi versiyasi 2+3 o‘rindiq va katta yuk maydonini taklif etadi. Yuk tashuvchi furgon versiyasi 560 kg gacha yuk ko‘taradi.

Yuzlab oilalarni boqayotgan model

Samarqandlik Izzat Tolipov deyarli 10 yildan buyon Damas yordamida odam tashiydi. Uning fikricha, model bitta oilani boqishga to‘liq yordam bera oladi.

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

«Ba’zi hollarda 300 ming so‘m sof daromad qilaman. Qishda gaz qimmat yoki cheklangan payti ishimiz og‘irlashadi. Ikki kunlab navbatda qolib ketamiz. Ammo tan olish kerak, Damas yordamida yuzlab oilalar kun o‘tkazmoqda», deydi u.

Samarqandlik Quvondiq Suhropov tumanlar o‘rtasida yo‘lovchi tashiydi. Uning aytishicha, u bu ishni 17 yildan buyon qiladi.

«Oldin Matizda ishladim. U yaxshi moshina, ammo kichik. Damasga kelsak 6-7 nafar odam bemalol sig‘adi. Daromad ham yaxshi. Bo‘ladi. Ammo kondetsioner yo‘qligi yozda pand beradi-da», deydi biz bilan suhbatda.

24 yoshli Odil Qudratov esa bozordan o‘g‘irroq yuklarni tashish bilan shug‘illanadi.

«Ertalab va kechda bir nechta do‘konlarga non tarqatib chiqaman. Qolgan payt bozorda bo‘laman. Yuk tashish evaziga ham yaxshigina pul ishlayman», deydi Odil.

Damas orqali pul topish yo‘llari

Chevrolet Damas O‘zbekistonda nafaqat arzon va ishonchli mashina, balki daromad manbai sifatida ham qadrlanadi. Kichik hajmli, tejamkor va xizmat ko‘rsatishda qulay bo‘lgani uchun uni turli yo‘nalishlarda ishlatish mumkin. Eng keng tarqalgan yo‘nalishlardan biri — yo‘lovchi tashish. Damas tor ko‘chalar va mahallalarda erkin harakatlana oladi, shuning uchun taksi sifatida ishlatish qulay. Mahalliy bozorlarda odam tashish ham doimiy daromad keltiradi.

Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Ikkinchi yo‘nalish — yuk tashish. Kombi yoki furgon versiyasi orqali qurilish materiallari, maishiy buyumlar yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish mumkin. O‘zini-o‘zi band qilgan ko‘plab fuqarolar Damas yordamida kichik logistika xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan. Kuryerlik ham muhim yo‘nalishlardan biri. Do‘konlar, onlayn buyurtmalar va restoranlar uchun tezkor yetkazib berishda Damas arzon va ishonchli transport vositasi sifatida tanlanadi.

Shuningdek, kichik biznes egalariga Damas katta yordam beradi. Mahsulot yetkazib berish, savdo nuqtalarini ta’minlash va hatto ko‘chma xizmatlar ko‘rsatishda foydalanish mumkin. Oilaviy darajada ham tomorqa hosilini yoki chorva mahsulotlarini bozorga olib chiqish orqali daromad qilish imkoniyati bor.

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Asosiy afzalligi shundaki, Damasning xarajatlari kam, yoqilg‘i tejamkor va ehtiyot qismlar arzon. Shu sababli mashinani tadbirkorlikka jalb qilgan odam xarajatni tez qoplaydi va barqaror foyda ko‘rishi mumkin. O‘zbekiston sharoitida Damas oddiygina transport emas, balki oilani boqadigan daromad vositasiga aylangan.

Foydalanish xarajatlari va qulayliklari

Chevrolet Damas O‘zbekiston bozorida eng tejamkor va qulay avtomobillardan biri sifatida qadrlanadi. Uning asosiy ustunligi — arzon xarajat va sodda xizmat ko‘rsatish tizimi.

Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Damas 0,8 litrli benzin dvigateliga ega bo‘lib, yoqilg‘i sarfi 6,5–9 litr atrofida. Bu ko‘plab boshqa avtomobillarga qaraganda ancha tejamkor hisoblanadi. Kichik biznes egalari uchun bu har kuni iqtisod qilinadigan xarajat degani.

Texnik xizmat ko‘rsatish oddiy. Murakkab elektron tizimlar bo‘lmagani uchun ta’mirlash tez va arzon bajariladi. Ehtiyot qismlar mahalliy bozorda keng tarqalgan va narxi ham ko‘pchilikka mos. Shu sababli avtomobilni uzoq muddat saqlash oson.

Chevrolet Damas avtomobilining eskirmaslik sabablari qanday / Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Sug‘urta va soliqlar ham yirik avtomobillarga nisbatan pastroq. Bu esa mashinadan foydalanishni yanada arzonlashtiradi.

Ichki joylashuv ham o‘ziga xos. Yo‘lovchi versiyasi 7 kishiga mo‘ljallangan, kombi modeli esa yo‘lovchi va yuk tashishni birlashtiradi. Furgon versiyasi esa kichik biznes uchun ishonchli yuk mashinasi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Chevrolet Cobalt haqidagi dastlabki ma’lumotlarni yozgan edi.