Yangiliklar

Ekspertlar: Tramp Nobel tinchlik mukofotini qo‘lga kirita olmaydi

Bu yilgi mukofot g’oliblari 10-oktabr kuni e’lon qilinadi
Ekspertlar: Tramp Nobel tinchlik mukofotini qo‘lga kirita olmaydi / Foto: The Washington Post

AQSh prezidenti Donald Tramp bu yilgi Nobel tinchlik mukofotini qo‘lga kiritishi kutilmayapti. Mutaxassislarning fikricha, u xalqaro tartibni buzuvchi qarorlari va ziddiyatli siyosati bilan mukofot mezonlariga zid harakat qilmoqda, deya xabar berdi Reuters.

Trampning Isroilni urushda qo‘llab-quvvatlashi, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqinlashishga urinishlari ham uning imkoniyatlarini yanada kamaytirgan. Shu bois ekspertlar «Trampning Nobel mukofotiga hech qanday imkoni yo‘q» deb hisoblamoqda.

Nobel qo‘mitasi odatda mustaqil qaror qabul qilishni afzal ko‘radi. Lobbi yuritish esa, qo‘mita a’zolarining fikricha, salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tramp esa prezidentlik davrida bir necha bor ochiqchasiga o‘zini mukofotga loyiq deb e’lon qilgan.

Bu yilgi mukofot g’oliblari 10-oktabr kuni e’lon qilinadi. Asosiy nomzodlar sifatida BMTning turli agentliklari, Qizil Xoch, «Chegarasiz shifokorlar» kabi xalqaro tashkilotlar va mahalliy insonparvarlik guruhlari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, ko‘plab jurnalistlar xavfli hududlarda ishlayotgani sababli, qo‘mita erkin matbuotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro jurnalistlar tashkilotlarini taqdirlashi ham mumkin. Shu tarzda Nobel mukofoti tinchlik va insonparvarlikni targ‘ib etuvchi kuchlarga berilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vashingtonda Tramp va Epshteyn haykali o‘rnatilgani haqida yozgan edik.