
Farg‘ona viloyatida ikki mansabdor shaxs pora bilan qo‘lga tushdi va ularga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.
Unga ko‘ra, viloyatidagi tumanlardan birining gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i 10 ta xonadonni yuqori bosimli gaz tarmog‘iga ulab berish evaziga har biridan $1 000 dan, jami $10 ming talab qilgan. DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari uni tanishi orqali so‘ralgan pulni olayotganda qo‘lga oldi. Mazkur rahbar ilgari ham sudlangan bo‘lsa-da, xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Yana bir holatda viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorat inspeksiyasining bosh mutaxassisi Quva tumanidagi to‘rt sotix yer maydonidagi qurilishni hujjatlashtirib berish evaziga $5 ming talab qilgan. U DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan oldindan $1 000 olayotgan paytda ushlangan. Unga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Avvalroq tadbirkor va qurilishdagi korrupsion holatlar yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, hozirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan «Sizningcha, qurilish sohasining qaysi yo‘nalishida korrupsiyaviy xavflar yuqori?» mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazilmoqda. Agentlik yakuniy natijalar asosida mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda sohadagi korrupsion omillarni kamaytirish, inson omilini cheklash va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan choralarni ishlab chiqishini bildirdi.