Avto

Geely Lynk & Co 08 EM-P avtomobili yangilandi

Geely Lynk & Co 08 EM-P avtomobili yangilandi / Foto: CarNewsChina

Geely kompaniyasi tomonidan yangilangan Lynk & Co 08 EM-P avtomobili taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Yangi model LiDAR sensori bilan jihozlanib, avtopilot imkoniyatlari kengaytirildi. Boshlang‘ich narx 159,8 ming yuan ($22 ming), eng yuqori komplektatsiya esa 212,8 ming yuan ($29 ming) etib belgilangan.

Foto: CarNewsChina

Yangilangan 08 EM-P brendning umumiy dizayn uslubini saqlagan holda sportona elementlar qo‘shdi. Old qismda kattalashtirilgan havo kirish panjarlari va yon havo kanallari o‘rnatilgan. Tom qismida joylashgan LiDAR sensor haydovchiga yordamchi tizimlarni kuchaytiradi. Yon profilida yashirin eshik tutqichlari saqlanib qolgan, yangi disklar va yon ko‘zgular ostida ko‘k indikator chiroqlar qo‘shilgan.

Foto: CarNewsChina

Modelning o‘lchamlari o‘zgarishsiz qolgan. Uning uzunligi 4 825 mm, eni 1 915 mm, balandligi 1 660 mm, g‘ildirak bazasi 2 848 mmni tashkil etadi. Orqa qismda to‘liq kenglikdagi chiroqlar va qoraytirilgan diffuzor saqlangan.

Foto: CarNewsChina

Salon yangilanishlari orasida eshik panellari, dinamik qoplamalari, eshik mexanizmlari va qo‘shimcha bo‘limlar qayta ishlab chiqilgan. Markaziy konsolda endi issiq-sovuq saqlovchi quti mavjud. Avtomobil Lynk & Flyme Auto 2.0 multimedia tizimi bilan jihozlangan.

Texnik jihatdan esa o‘zgarishlar yo‘q. Model 1,5 litrli PHEV tizimida ishlab, bir yoki ikki motorli variantlarda taklif qilinadi. Bir motorli versiya 280 kVt (375 ot kuchi) quvvat va 615 Nm moment beradi. Ikki motorli versiya esa 436 kVt (585 ot kuchi) va 905 Nm moment ishlab chiqaradi. Elektr yurish masofasi konfiguratsiyaga qarab 160, 210 yoki 230 kmni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xitoyda Geely Monjaro 2026 avtomobili savdosi boshlangani haqida yozgan edi.