Germaniyada yangi to‘rt tonnalik jangovar dron taqdim etildi

Germaniyalik mudofaa startapi Helsing «CA-1 Europa» nomli avtonom jangovar dronni tanishtirdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
To‘rt tonnalik ushbu qurilma 2027-yilda ilk parvozni amalga oshirishi va to‘rt yil ichida harbiy operatsiyalar uchun foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Yangi dron sun’iy intellekt yordamida mustaqil ishlashi, boshqa pilotsiz qurilmalar bilan klaster bo‘lib harakat qilishi yoki jangovar samolyotlarga «wingman» sifatida qo‘shilishi mumkin. Bu texnologiya an’anaviy samolyotlarga qaraganda arzon va xavfli sharoitlarda qo‘llashga qulay hisoblanadi.

Helsing yuz millionlab yevrolik sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda va loyihada boshqa Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi. Kompaniya dronning aniq narxi yoki qanday qurollar bilan jihozlanishini hozircha ochiqlamadi. Mazkur loyiha AQSh va Airbusning o‘xshash tashabbuslari bilan raqobatlashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq quyosh energiyasida ishlovchi dron uch kun uzluksiz parvoz qilgani haqida yozgan edik.