
iPhone 17 shu qadar kuchli yangilanishlarga ega bo‘ldiki, ko‘plab foydalanuvchilar uchun endi Pro versiyalarini olish shart emasdek tuyulmoqda. Ammo Rozetked nashri muallifi Maksim Xoroshev yangi iPhone 17’dagi uchta kamchilikni qayd etdi.
Telefoto kamera mavjud emas
Uzoq masofadan suratga olish imkoniyati faqat Pro modellarda saqlanib qolgan. Shuningdek, LiDAR skaneri va studiya darajasidagi mikrofonlar ham Pro versiyalarda bor.
USB tezligi past
Pro modellarda tezkor USB portlari mavjud bo‘lsa, oddiy iPhone 17’da ma’lumot uzatish sekinroq.
Batareya biroz qisqaroq ishlaydi
iPhone 17 bir kunlik foydalanish uchun yetarli, biroq 17 Pro va 17 Pro Max bitta zaryadda undan ko‘proq vaqt davomida ishlashi mumkin.

Ammo ekspert bu kamchiliklarni jiddiy deb hisoblamaydi. Chunki telefoto kameradan foydalanuvchilar juda kam – atigi 1–2 foiz. Fayllarni ko‘pchilik baribir Wi-Fi yoki AirDrop orqali ulashadi, USB tezligiga kamdan-kam odam ehtiyoj sezadi. Avtonomiya esa kundalik foydalanish uchun bemalol yetarli.
Shu bilan birga, ProMotion texnologiyasi va Always-On Display funksiyasi bazaviy iPhone’da ham paydo bo‘ldi. Endi 120 Hz yangilanish tezligi va doimiy faol displey nafaqat Pro, balki oddiy iPhone foydalanuvchilariga ham taqdim etiladi. Ikkinchi katta o‘zgarish – 256 GB ichki xotira endi standart sifatida keladi.
Qurilma yangi A19 protsessori va 8 GB tezkor xotira bilan ishlaydi. Kamera tizimi ham ancha kuchli – 48+48 megapikselli ikki modul bazaviy modelda juda yaxshi imkoniyatlarni taqdim etadi. Avtonomiya ham bir kunlik faol foydalanish uchun yetarli. AQShda smartfon narxi $799 qilib belgilangan, bu o‘tgan yilgi iPhone 16 bilan bir xil, lekin imkoniyatlari ancha keng.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 17 Pro smartfonini sotib olmaslik uchun 9 sabab haqida yozgan edi.