
Italiya va Ispaniya G‘azoga insonparvarlik yordamini olib borayotgan kemalarni himoya qilish uchun harbiy kema yuboradi. Bu haqda CNN ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu kemalarda turli mamlakatlardan, jumladan Italiya, Ispaniya va Shvetsiyadan ko‘ngillilar hamda siyosatchilar bor. Ular G‘azodagi blokadani yorib o‘tib, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazishni rejalashtirishgan. Ammo yo‘l-yo‘lakay noma’lum dronlar hujum uyushtirib, portlashlarga sabab bo‘lgan. Natijada kemalar sekinlashib qolgan va odamlar xavf ostida qolgan.
Shu sababli Italiya va Ispaniya tezkor ravishda o‘z harbiy kemalarini ularni qo‘riqlash uchun yubordi. Italiya bosh vaziri yordamni xavfsiz yo‘l bilan yetkazishni taklif qilsa, Shvetsiya ham vaziyatni kuzatayotganini bildirdi.
Isroil esa yordamni to‘g‘ridan-to‘g‘ri G‘azoga emas, balki yaqin portlarga olib kelib, keyin quruqlik orqali yetkazishni ma’qul deb hisoblaydi. Bu hodisa xalqaro hamjamiyatda jiddiy xavotir uyg‘otib, ko‘plab davlatlarni insonparvarlik missiyalarini himoya qilishga chaqirmoqda
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Falastin davlatini rasman tan olgani haqida xabar bergan edik.