Kriptomillionerlar, Ramazon Temirovning qaytishi, Mirziyoyevning AQShga tashrifi hamda Qirg‘izistondagi zilzila — 25-sentabr kungi muhim xabarlar dayjesti


Surxondaryoda 15 yoshli qizni turmushga berish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida voyaga yetmagan qizni turmushga berish holati yuzasidan jinoyat ishi ochildi.
Aniqlanishicha, 2009-yilda tug‘ilgan qizni uning buvisi, 1958-yilda tug‘ilgan ayol, tumanda yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan erkakka turmushga berish marosimini tashkil qilgan. Voyaga yetmaganligi sababli nikoh qonuniy tartibda qayd etilmagan bo‘lsa-da, 1950-yilda tug‘ilgan shaxs moddiy manfaat evaziga ularga shar’iy nikoh o‘tkazib bergan.

Dunyoda kriptomillionerlar soni 40 foizga oshdi
2024-yilda kriptovalyuta egalari orasida millionerlarga aylanganlar soni keskin ko‘paydi. Henley&Partners va New World Wealth hisobotiga ko‘ra, dunyoda kriptomillionerlar soni 241 ming nafarga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz ko‘p.
Ekspertlar bu o‘sishni asosan bitkoin narxining keskin oshishi bilan izohlaydi. Hozirgi kunda kriptoboylar orasida 36 nafar milliardеr bor, shulardan 17 tasi boyligini aynan bitkoindan topgan. Umuman olganda, barcha kriptomillionerlarning qariyb 60 foizi o‘z kapitalini bitkoin orqali olgan.

Toshkent shimoliy vokzali yonidagi yerosti yo‘li savdo maskanlariga aylantiriladi
Toshkentdagi Shimoliy vokzal va «Toshkent» metro bekati o‘rtasidagi 4 ming kvadrat metrlik yerosti yo‘li tadbirkorlar uchun ijaraga beriladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining 15-sessiyasida ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Toshkent viloyatidagi bog‘cha bolalarining zaharlanishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Oldinroq «Kursiv» nashri Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka va Quyi Chirchiq tumanlaridagi bir nechta davlat bog‘chalarida tarbiyalanuvchilar sog‘lig‘idan shikoyat qilib, tuman tibbiyot birlashmalariga murojaat qilgani haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, bolalarda tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi belgilar kuzatilgan.

Ramazon Temirov qachon oktagonga qaytishi ma’lum bo‘ldi
Yengil vazn toifasida o‘zbekistonlik UFC jangchisi Ramazon Temirov 2026-yilning mart oyida yana oktagonga qaytadi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.

AQShda 38 yil nohaq qamoqda o‘tirgan erkakka $25 million tovon puli to‘landi
Kaliforniyada 38 yil davomida nohaq qamoqda saqlangan 72 yoshli Moris Xastings $25 mln miqdorida tovon puli oldi. Bu shtat tarixidagi eng yirik nohaq mahkumlik uchun to‘lov sifatida qayd etildi.

Prezidentning AQShga bo‘lgan tashrifi qanday o‘tdi
Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga qilgan tashrifi yakunlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Volkswagen zavodi o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilmoqda
Migratsiya agentligi va Slovakiyaning Volkswagen zavodi avtomobilsozlik sohasida 60 nafar ishchi uchun tanlov e’lon qildi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Tanlovga jami 200 nafar nomzod jalb qilinadi. suhbatlar onlayn shaklda Migratsiya agentligi tomonidan olib boriladi. Ish joyi mamlakat poytaxti Bratislavada joylashgan.

Qirg‘izistonda ro‘y bergan zilzila O‘zbekistonda sezildi
25-sentabr soat 06:20:12 da Qirg‘iz Respublikasining Botken shahrida zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring markazi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hodisaning magnitudasi 3, chuqurligi 5 km, episentrda sezilish kuchi 4 ballni tashkil etdi.