Namanganda 15 mlrd so‘mlik sifatsiz dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Bojxona organlari hamkorligida Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda katta miqdorda noqonuniy dori vositalari aniqlanib, musodara qilindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Kosonsoy tumanida yashovchi shaxs Hindistonda ishlab chiqarilgan, davlat reyestridan o‘tmagan va sertifikatsiz 2100 dona «Ferromed» dori vositasini sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Uning uyidan yana 4296 dona shu turdagi dori topildi. Umumiy qiymati — 1,2 mlrd so‘m.

Namangan shahrida MChJ omboridan va unga aloqador uchta bino hamda shaxsiy xonadonlardan jami 2307 turdagi, 195 ming donadan ortiq, hujjatsiz va kontrafakt dori vositalari topildi. Ularning qiymati 12,8 mlrd so‘mdan ortiq.
Shuningdek, Namangan shahri va Uychi tumanidagi ikki yashirin ombordan qiymati 1,2 mlrd so‘m bo‘lgan 128 turdagi, 45 ming donadan ortiq dori vositalari aniqlandi. Ba’zilarining yaroqlilik muddati o‘tib ketgan.

Hozirda barcha dorilar ekspertizaga yuborildi, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistondan olib kelingan 66 kg narkotik moddalar to‘xtatib qolingani haqida yozgan edik.