O‘zbekistonda Google AI Plus xizmati ishga tushirildi

Google kompaniyasi O‘zbekiston va yana 40 ta mamlakatda Google AI Plus xizmatini ishga tushirganini e’lon qildi.
Obuna sun’iy intellekt (SI) bilan ishlash uchun kengaytirilgan imkoniyatlarni taqdim etadi. Ya’ni tasvirlarni yaratish va tahrirlash uchun yuqori limitlar, Veo 3 Fast video generatsiya modeli, shuningdek, Whisk va Flow vositalaridan foydalanish imkoniyati shular jumlasidan. Xizmat Gmail, Docs, Sheets va boshqa Google mahsulotlariga integratsiya qilingan.
Obuna tarkibiga Gmail, Disk va Foto uchun 200 GB bulutli xotira, shuningdek, NotebookLM’da qo‘shimcha limitlar ham kiradi. Foydalanuvchilar tarifni besh nafar oila a’zosi bilan bo‘lishishi mumkin.

Google AI Plus narxi mamlakatga qarab farq qiladi. Gemini ilovasida AI Plus va Pro rejalarining funksiyalari hamda narxlarini solishtirish mumkin.
Bundan avval Google kompaniyasi sun’iy intellektli chat-bot Geminini Chrome brauzeriga integratsiya qilishini e’lon qilgandi. Avvallari ushbu yordamchidan foydalanish uchun faqat AI Pro yoki AI Ultra obunasi talab qilinar edi. Endilikda esa Windows va macOS’da ishlaydigan Chrome foydalanuvchilari uni bepul sinab ko‘rishlari mumkin.
Yangi imkoniyat dastlab AQShdagi foydalanuvchilarga taqdim etildi. Chrome ingliz tilida o‘rnatilgan bo‘lsa, interfeysning yuqori qismida maxsus belgi paydo bo‘ladi. Android qurilmalarda esa Gemini’ni quvvat tugmasini bosib turish orqali chaqirish mumkin. iOS uchun versiya ustida hozircha ish olib borilmoqda.