Oʻzbekiston kubogi. «Buxoro» ekstra-taymlarda, «Paxtakor» esa penaltilar seriyasida gʻalaba qozonib, finalga yoʻllanma oldi

25-sentabr 2025 23:18 eʼlon qilindi

Nasrullo Karimov

Nasrullo Karimov

Muxbir
Foto: «Buxoro» matbuot xizmati

Oʻzbekiston kubogi yarim finalidan oʻrin olgan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Dastlab «Buxoro» oʻz maydonida «So‘g‘diyona»ni qabul qildi va yakunda 3:2 hisobida gʻalaba qozonib, oʻz tarixida ilk bor kubok finaliga yoʻllanma oldi.

Dastlab hisob 16-daqiqada Dominik Begich tomonidan ochildi. 28-daqiqada Frane Ikich ustunlikni mustahkamladi.

«So‘g‘diyona» ikkinchi boʻlimda biroz jonlandi va hujumlarni ko‘paytirdi. Bu esa 72-daqiqaga kelib oʻz samarasini berdi. Jasur Jaloliddinov ajoyib zarbasi bilan hisobni qisqartirdi.

Ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda, aniqrogʻi 90+1-daqiqada Filip Ivanovich chap qanotdan uzatilgan toʻpni boshi bilan darvozaga joylab qoʻydi va hisobni tenglashtirdi.

Asosiy vaqt durang natija bilan yakunlangach jamoalar qo’shimcha boʻlimlarga murojaat qilishdi. Ekstra-taymlarda esa «Buxoro» gʻalabani ilib ketdi. 117-daqiqada mezbonlar futbolchisi Nodirbek Ahmadjonov uzoq masofadan aniq zarba yoʻllab, to‘pni darvozaga «mixlab» qoʻydi.

Shu tariqa «Buxoro» oʻz uyida «So‘g‘diyona»ni magʻlub etib, Oʻzbekiston kubogi finaliga yoʻllanma oldi.

Shuningdek, ikkinchi yarim final bahsida «Paxtakor» va «Dinamo» oʻzaro to’qnash keldi.

Ushbu bahsda asosiy va qoʻshimcha boʻlimlarda hisob ochilmadi va tomonlar penaltilar seriyasiga murojaat qilishdi. Unda esa omad toshkentliklarga kulib boqdi — 4:2.

Shu tariqa «Paxtakor» ogʻir o‘tgan oʻyinda «Dinamo»dan ustun keldi va Oʻzbekiston kubogi finaliga yoʻl oldi.

Ma’lumot uchun, «Paxtakor» va «Buxoro» oʻrtasidagi hali qiluvchi o‘yin 29-oktabr kuni Andijonda joylashgan «Bobur Arena»da boʻlib oʻtadi.

Shuningdek