Piskent va Bo‘ka tumanida bog‘cha bolalari zaharlangani yuzasidan izoh berildi

eʼlon qilindi
Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi holat yuzasidan izoh berdi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan bolalar salomatligida o‘zgarish kuzatilib, ular tibbiyot muassasalarining yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qildi. Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi holat yuzasidan izoh berdi.

Dastlabki tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, bemorlarga oshqozon-ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi tashxisi qo‘yilgan. Bolalarga zarur muolajalar ko‘rsatilib, aksariyati shu kunning o‘zida sog‘lig‘i yaxshilangani bois uylariga javob berilgan. Og‘ir ahvolda yotgan bola qayd etilmadi.

Holat vazirlik nazoratiga olingan bo‘lib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘rganilmoqda. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Aniqlanishicha, o‘sha kuni muassasalarga olib kelingan 3,2 foizlik kefir Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlardan birida ishlab chiqarilgan.

Hozirda bemorlardan olingan tahlillar va iste’mol qilingan mahsulot namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshirilmoqda. Epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda. Vaziyat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar o‘rganish yakunida e’lon qilinishi ma’lum qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan xorijiy til o‘qituvchilariga qo‘yilgan talab muddati yil oxirigacha uzaytirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek