
Shavkat Mirziyoyev AQShga amaliy tashrifini yakunlar ekan, u yerda yashovchi vatandoshlar va «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Suhbat davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlar, vatandoshlar va tashkilotlarning bu jarayonga hissasi muhokama qilindi.

Uchrashuvda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar va yoshlar o‘rtasida «Vatandoshlarning xalqaro biznes marafoni» start olgani e’lon qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-ta’lim, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, milliy iqtisodiyot sohalariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev AQSHdagi 500 nafardan oshgan stipendiatlarga e’tibor qaratib, ularni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi. Talabalarga kelajakdagi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv ishtirokchilari esa Vatan ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini va yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorliklarini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Tramp bilan uchrashib, uni O‘zbekistonga taklif qilgan edi.