
Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga qilgan tashrifi yakunlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Mirziyoyev Bosh Assambleya minbaridan so‘zga chiqib, BMTning global muammolarni hal etishdagi asosiy platforma sifatidagi roliga, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarga alohida urg‘u berdi. U tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Tashrif doirasida Mirziyoyevning AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi asosiy voqea bo‘ldi. Tomonlar strategik sheriklikni kengaytirish va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarida kelishuvga erishdi. Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, Koreya Respublikasi prezidenti Li Chje Myon, Iordaniya podshohi Abdulla II, Chexiya prezidenti Petr Pavel, Albaniya prezidenti Bayram Begay hamda XVF, Jahon banki va JST rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Prezident AQSh Kongressi a’zosi, «O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus» raisi Trent Kelli, shuningdek, AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serhio Gorni ham qabul qildi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida BlackRock, Boeing, NASDAQ, Citigroup, Air Products va boshqa yirik kompaniyalar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlarda o‘rta muddatli loyihalar dasturi shakllantirildi hamda muhim minerallar, energetika, kimyo sanoati, fuqaro aviatsiyasi kabi sohalarda investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.

Tashrif yakunida Shavkat Mirziyoyev AQShda yashayotgan vatandoshlarimiz hamda Amerika universitetlarida tahsil olayotgan «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.
Davlat rahbarining AQShga tashrifi o‘zbek-amerika munosabatlarida yangi sahifa ochib, siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan Mirziyoyev tashrifini yakunlab, Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq deb hisoblashi haqida yogan edik.