
Nika Farm kompaniyasi dori mahsulotlarini qonunga zid ravishda reklama qilgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda «Forsil – og‘riq mutlaqo izsiz ketadi» mazmunidagi reklama tarqatilgan. O‘rganish natijasida, bu reklama materiallari qonunchilik talablariga zid hisoblangan. Qonunda retseptsiz beriladigan dori vositalarining reklamasi ularning ta’siri kafolatlanganligi haqida tasdiqni o‘z ichiga olmasligi belgilangan.
Mazkur holat yuzasidan qo‘mita huzuridagi maxsus komissiya tomonidan «Nika Farm» MChJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, korxonaga qonunbuzarlikni bartaraf etish va kelgusida bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 106 ta avtomobildan Gorilla ichimligining noqonuniy reklamasi olib tashlangani haqida yozgandi.