Volkswagen zavodi o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilmoqda

eʼlon qilindi
Tanlovda 40 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ishtirok etishi mumkin
Slovakiyadagi Volkswagen zavodi o‘zbekistonliklarni ishga taklif qiladi / Foto: Supply Chain Brain

Migratsiya agentligi va Slovakiyaning Volkswagen zavodi avtomobilsozlik sohasida 60 nafar ishchi uchun tanlov e’lon qildi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Tanlovga jami 200 nafar nomzod jalb qilinadi. suhbatlar onlayn shaklda Migratsiya agentligi tomonidan olib boriladi. Ish joyi mamlakat poytaxti Bratislavada joylashgan.

Ish yo‘nalishlari — avtomobil yig‘ish, bo‘yash, dvigatel va shassilarni yig‘ish, konveyerda ishlash hamda ishlab chiqarish uskunalari va mexanizmlarini boshqarish. Tanlovda 40 yoshgacha, ishlab chiqarishda tajribasi bor va rus tilini muloqot darajasida biladigan erkaklar ishtirok etishi mumkin.

Birinchi ikki oy davomida ishchilarga oyiga $1274, keyingi oylarida esa $1514 miqdorida maosh to‘lanadi. Sinov muddati uch oy etib belgilangan. Ish jadvali uch smenadan iborat bo‘lib, haftasiga besh kun (37,5 soat) ishlanadi. Ish beruvchi turar joyni taqdim etadi va buning uchun oyiga $334 xodimning maoshidan ushlab qolinadi.

Shuningdek, aeroportdan ish joyigacha transfer, ish vaqtida ovqatlanish, tibbiy va ijtimoiy sug‘urta, maxsus kiyim bilan ta’minlash hamda keyinchalik oila bilan birlashish imkoniyati ham mavjud.

Nomzoddan olinadigan xarajatlar ichiga ishchi viza $100 va aviabilet $300 (Migratsiya agentligi qisman qoplab beradi) kiradi. Ro‘yxatdan o‘tish va batafsil ma’lumotni ushbu havoladan, yoki (+998) 71 202-33-55 (ichki raqam 133) telefon raqamidan olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun mavsumiy ish kvotalarini oshirishi haqida yozgan edik.

Shuningdek