Yangiliklar

Toshkent shimoliy vokzali yonidagi yerosti yo‘li savdo maskanlariga aylantiriladi

4 ming kvadrat metr joyda
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkentdagi Shimoliy vokzal va «Toshkent» metro bekati o‘rtasidagi 4 ming kvadrat metrlik yerosti yo‘li tadbirkorlar uchun ijaraga beriladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining 15-sessiyasida ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov taqdimotida loyihaning mazmuni haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, davlat-xususiy sherikchiligi asosida yerosti yo‘lida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etiladi.

Haydarovning aytishicha, mazkur hududda ilgari do‘konlar faoliyat yuritgan, biroq so‘nggi yillarda bo‘sh qolib ketgan.

«Mana, bir necha yildan beri bo‘m-bo‘sh turgan 4 ming kvadrat metr joy bor. Shu yerda loyihalarni amalga oshirib, odamlarni ko‘proq jalb qilish, keyinchalik hududning bir qismini o‘quv markazlariga ajratish ham rejalashtirilmoqda», — dedi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent aeroportida uchib kelish terminali rekonstruksiya qilinayotgani haqida yozgandi.