Yangiliklar

Toshkentda yaxshi yashash narxi qancha

Numbeo ma’lumotlariga ko‘ra
Недвижимость в Ташкенте
Toshkentda yaxshi yashash narxi qancha. Foto: Salohiddin Kamolov / Unsplash

Numbeo ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda to‘rt kishilik oila ijara to‘lamagan holda oyiga taxminan 23 mln so‘m, bir kishi esa 6,5 mln so‘m atrofida xarajat bilan yaxshi yashashi mumkin.

Ovqatlanish narxlari

Restoranlar bo‘yicha ko‘rsatkichlarga qaraganda, shaharda arzonroq ovqatlanish bir kishi uchun o‘rtacha 60 ming so‘m, ikki kishilik o‘rta darajadagi uch taomli kechki ovqat esa 435 ming so‘m atrofida turadi. Fast food menyusi taxminan 52,5 ming so‘m. Oddiy ichimliklar, masalan, cappuccino o‘rtacha 24,8 ming so‘m, kichik suv esa 3 ming so‘mga baholangan.

Ekran tasviri rasmiy sahifadan

Mahsulotlarning o‘rtacha narxlari: 1 litr sut 14 ming so‘m, 1 kg guruch 21,5 ming so‘m, 12 dona tuxum 19,5 ming so‘m, 1 kg mol go‘shti 119 ming so‘m, 1 kg tovuq filesi 50,5 ming so‘m, 1 kg olma 15 ming so‘m, 1 kg banan 21,8 ming so‘m, 1 kg pomidor 15,4 ming so‘m, 1 kg kartoshka 6,8 ming so‘m, 1 kg piyoz 4,4 ming so‘m.

Maishiy xizmatlar

Shahar jamoat transportida bir martalik chipta o‘rtacha ikki ming so‘m, oylik abonement esa 142 ming so‘mni tashkil etadi. Taksi boshlang‘ich narxi 10 ming so‘m, har kilometr uchun qo‘shimcha to‘lov esa 3,6 ming so‘m atrofida. Benzin 1 litri o‘rtacha 12,3 ming so‘mdan sotiladi.

Ekran tasviri rasmiy sahifadan

Kommunal xizmatlar ham katta ulushni egallaydi: 85 kv.m. kvartira uchun asosiy to‘lovlar (elektr, suv, chiqindi) oyiga o‘rtacha 662 ming so‘m, mobil aloqa rejasi esa 47 ming so‘m, internet esa 139 ming so‘mni tashkil etadi. Bo‘sh vaqtni o‘tkazish ham arzon emas: sport zali abonementi oyiga o‘rtacha 629 ming so‘m, tennis kortini bir soatga ijaraga olish 191 ming so‘m, kino bileti esa 70 ming so‘m.

Numbeo ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentda o‘rtacha oylik ish haqi soliqdan keyin qariyb 6,9 million so‘mni tashkil etadi. Xarajatlarning 29,9 foizi esa ijara, 27,9 foizi do‘kon xaridlari, 14,6 foizi restoranlar, 9,8 foizi transport, 7,8 foizi sport va hordiq uchun sarflanadi.

2025-yil iyul oyida Markaziy bank tomonidan uch mingdan ortiq respondentlar ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovlar O‘zbekiston aholisi iste’mol kayfiyatida barqarorlik saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, fuqarolarning daromadlari va xarajatlariga oid kutilmalari yuqori darajada, biroq kredit olishga nisbatan ehtiyotkorlik kuchaymoqda.