
«Uzbekistan Airports» tarkibidagi yuk operatori «UzCargo» xalqaro RA3 (Regulated Agent Third Country) maqomini muvaffaqiyatli qayta tasdiqladi. Bu kompaniyaga Buyuk Britaniyaga yuk va pochta jo‘natmalarini tayyorlash huquqini beradi.
Mazkur maqom mustaqil Yevropa Ittifoqi yoki Buyuk Britaniya auditorlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng beriladi. Yangi manzilga ko‘chirilgan «UzCargo» terminali joriy yilda qayta akkreditatsiyadan o‘tdi.
Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, bu O‘zbekistonning xalqaro yuk tashish logistikasi xaritasida o‘rnini mustahkamlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Buyuk Britaniyaga eksport va tranzit imkoniyatlarini kengaytiradi.
«RA3» maqomi «UzCargo»ni Markaziy Osiyoda aviakompaniyalar uchun ishonchli hamkor sifatida yanada mustahkamlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edik.