
Toshkentning Yakkasaroy tumanida joylashgan Xalq banki ofisi yana savdoga qo‘yildi. Bu haqda E-auksion platformasida e’lon joylandi.
Shota Rustaveli ko‘chasi va Janubiy vokzal yaqinida joylashgan uch qavatli bino 23 sotix hududni egallagan. Uning umumiy maydoni 2061 kvadrat metrni, xo‘jalik qismi esa 1644 kvadrat metrni tashkil etadi. Elektr, suv va kanalizatsiya tizimlari mavjud bo‘lsa-da, gaz tarmog‘i ulanmagan.
Obyektning boshlang‘ich bahosi 27,64 mlrd so‘m qilib belgilangan. Auksion 24-oktabr kuni ertalab o‘tkazilishi rejalashtirilgan, arizalar esa soat 9:00 gacha qabul qilinadi.
Bank boshqaruvi qaroriga ko‘ra, savdoda g‘olib chiqqan ishtirokchi bilan shartnoma tuzilganidan keyin uch oy muddatda bino bo‘shatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan Talabalar shaharchasidagi banket zali qarzlarni undirish doirasida majburiy auksionga chiqarilgan edi.