
1-oktabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi? «Kursiv» respublikada amalga oshadigan bir qator o‘zgarishlar haqidagi yangiliklarni keltirib o‘tadi.
- Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi
- Tovarlar uchun ayrim sertifikatlar «Yagona darcha»dan beriladi
- 1-oktabrgacha moped va skuter haydovchilari guvohnoma olishlari shart
- 1-oktabrdan chiroyli avtoraqamlar savdosi to‘xtatiladi
- Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi ayrim moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi
- O‘zbekistonda Odil sudlov akademiyasi tashkil etish tartibi belgilandi
- 1-oktabrdan tadbirkorlar davlat yerlarini mavsumiy ijaraga olishi mumkin
- Pensiyalarni naqd pulda olishda yangi tarib joriy etiladi
- Oq shakarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinadi
- Davlat xizmatchilarining xizmat safarlari yagona tizim orqali yuritiladi
Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi

11-mart kuni Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi.
Shuningdek, 1-oktabrdan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan subsidiya, grant va ssudalar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Tovarlar uchun ayrim sertifikatlar «Yagona darcha»dan beriladi

Shu yilning 1-oktabridan boshlab tovarlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit qilish uchun barcha sertifikat va ruxsatnomalar faqat «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi.
1-oktabrgacha moped va skuter haydovchilari guvohnoma olishlari shart

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati moped va skuter egalariga muhim eslatma berdi. Unga ko‘ra, 1-oktabr sanasiga qadar barcha haydovchilar «A» toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi, transport vositalari esa davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi zarur.
1-oktabrdan chiroyli avtoraqamlar savdosi to‘xtatiladi

Shu yilning 1-oktabridan boshlab chiroyli avtoraqamlar O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi orqali sotilmaydi. Sotilmay qolgan kombinatsiyalar esa avtomobil egalari o‘rtasida toifalarga qarab taqsimlanadi. 1 – 3-toifa raqamlar «O‘zavtomotobelgi» tomonidan bevosita sotiladi va ular uchun yagona oshirilgan to‘lov undiriladi. Boshqa kombinatsiyalar esa umumiy navbat asosida beriladi.
Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi ayrim moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi

Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan yengil sanoat sohasidagi korxonalarga 1-oktabrdan quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari qo‘llaniladi:
- xalqaro brendlarni jalb qilish, standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish;
- eksport shartnomalari bo‘yicha sug‘urtalashni moliyalashtirish xarajatlarini qoplash hamda mutaxassislarni o‘qitish uchun grantlar ajratish;
- xorijiy davlatlarda savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, reklama kampaniyalarini tashkil etish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining bir qismini qoplash.
O‘zbekistonda Odil sudlov akademiyasi tashkil etish tartibi belgilandi

1-oktabrdan boshlab sudyalik lavozimlariga nomzodlar Akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida davlat granti asosida o‘qitiladi. Kurslarga qabul qilingan shaxslar o‘qish davomida egallab turgan lavozimini saqlab qoladi hamda ularga har oyda sudya yordamchisining bir oylik ish haqi miqdorida stipendiya to‘lanadi.
1-oktabrdan tadbirkorlar davlat yerlarini mavsumiy ijaraga olishi mumkin

Shu yilning 1-oktabridan boshlab tadbirkorlarga binolar va inshootlarga tutash bo‘lgan davlat yerlaridan mavsumiy foydalanish uchun ijaraga berish tartibi joriy etiladi.
Qaror bilan tadbirkorlar o‘zlariga tegishli binolar yoki yer uchastkalariga tutash, lekin davlat tashkilotlariga biriktirilgan (sog‘liqni saqlash, ta’lim va maktabgacha ta’lim obyektlari bundan mustasno) maydonlarda umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yuritish huquqini oladi.
Pensiyalarni naqd pulda olishda yangi tarib joriy etiladi

1-oktabrdan pensiyalarni Xalq banki orqali naqd shaklda olishda Face-ID va elektron imzo orqali biometrik tasdiqlash tizimi joriy etiladi.
Oq shakarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinadi

Shu yilning 1-oktabridan boshlab bir qator soliq imtiyozlari va soddalashtirilgan tartiblar amaliyotga joriy etiladi.
Unga ko‘ra, 1-oktabrdan boshlab, xushbo‘ylashtiruvchi yoki rang beruvchi qo‘shimchalarsiz oq shakarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinadi. Bu choradan maqsad oziq-ovqat narxini barqarorlashtirish va ishlab chiqaruvchilar xarajatini kamaytirishdir.
Davlat xizmatchilarining xizmat safarlari yagona tizim orqali yuritiladi

1-oktabrdan boshlab qonunchilikka muvofiq, davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlil qilish hrm.argos.uz elektron tizimidagi «Xizmat safari» yagona moduli orqali amalga oshiriladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri 1-sentabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgarishi haqida yozgandi.