
Jetour brendi tomonidan yangi Jetour X70L avtomobili savdoga chiqarildi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.
Model beshta komplektatsiyada taqdim etilgan bo‘lib, oilaviy yetti o‘rinli avtomobil sifatida targ‘ib qilinmoqda. Narxlar 99,9 ming yuandan ($17 ming) boshlanadi.

Mashina ikkita motor bilan taklif qilinadi. 1,5 litrli dvigatel 7 pog‘onali robotlashgan uzatma bilan, 2,0 litrli dvigatel esa 8 pog‘onali avtomat uzatma bilan juftlashtirilgan. Bu narx uni Geely Monjaro bilan bevosita raqobatga olib chiqmoqda.
Krossoverning gabaritlari 4810 x 1930 x 1705 mm, g‘ildirak bazasi esa 2820 mmni tashkil etadi. Disklar diametri 18, 19 yoki 20 dyuym bo‘lishi mumkin.

Salon va jihozlanish Ichki qism zamonaviy texnologiyalar bilan to‘ldirilgan. Asboblar paneli 10,25 dyuymli raqamli displeyga ega, multimedia tizimi esa 15,6 dyuymli katta ekran bilan boshqariladi. Bundan tashqari, iqlim nazorati, havoni tozalash va ionizatsiya tizimi, 50 Vt quvvatli simsiz zaryadlovchi, 12 dinamikli audio tizim o‘rnatilgan.
Old o‘rindiqlar isitish, ventilyatsiya, xotira va massaj funksiyalariga ega. Model besh va yetti o‘rinli variantlarda taqdim etilmoqda.
Quvvat ko‘rsatkichlari 1,5 litrli motor — 183 ot kuchiga, 2,0 litrli motor esa 254 ot kuchiga ega.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jetour X70L avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.