2026-yilgi Jahon chempionati ramzlari, xodimga hujum qilgan Tesla roboti, qulayotgan dollar — 26-sentabrning muhim yangiliklari

Kursiv Uzbekistan kunning muhim yangiliklarini bitta xabarga jamladi.
2026-yilgi Jahon chempionati ramzlari taqdim etildi

FIFA 2026 Jahon Chempionati uchun uch rasmiy ramz tanishtirildi. Ular Kanadani ifodalovchi Meypl — Shimol bug‘usi(Kanada ramzi), Zayu — Yaguar (Meksika ramzi), Klach— Kal burgut (AQSh ramzi) obrazlaridir.
Krasnodardan Samarqandga yangi aviareys yo‘lga qo‘yildi

Shu yilning 25-sentabridan Azimut aviakompaniyasi Krasnodar — Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni boshladi. Bu haqda «Kuban-Inform» nashri xabar berdi.
Krasnodar aeroporti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, reyslar haftasiga ikki marta — dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.
Qozog‘iston ustidagi havo massalari Toshkentga ta’sir ko‘rsatmaydi — «O‘zgidromet»

Qozog‘istonda 25-sentabr kuni kechga borib shamol kuchaygani kuzatildi. «O‘zgidromet» ushbu tabiat hodisasini O‘zbekistonga ta’siri bo‘yicha izoh berdi.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘iston ustidagi havo massalari Toshkentga ta’sir ko‘rsatmaydi. Biroq ertaga, 26-sentabr kuni poytaxtda shamol tezligi 3–8 m/s, ba’zan 10–12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Ayrim hududlarda chang-to‘zonlar ham kuzatilishi ehtimoli bor.
Tramp mebel va yuk mashinalariga 50 foizgacha boj joriy qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp import mahsulotlarga bojlarni oshirish qarorini chiqardi. 2025-yil 1-oktabrdan oshxona shkaflari va vannaxona mahsulotlariga 50 foiz, yumshoq mebelga 30 foiz boj qo‘llaniladi, deya yozmoqda CNN.
Shavkat Mirziyoyev BMTdagi nutqida qaysi so‘zdan ko‘p foydalandi — tahlil

Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi lingvistik jihatdan tahlil qilindi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, nutqda eng ko‘p ishlatilgan so‘z — maqsad (11 marta). Bu mamlakatning strategik yo‘nalishlari va ustuvorliklariga urg‘u berilganidan dalolat beradi. Shuningdek, davlat so‘zi 7 marta qo‘llanib, milliy manfaatlarga katta e’tibor qaratilgani qayd etildi.
Tesla zavodida robot xodimga hujum qildi

AQShning Fremont shahridagi Tesla zavodida ishlab chiqarish roboti texnik xodimga jiddiy shikast yetkazdi. Hodisa 2023-yil 22-iyul kuni sodir bo‘lgan, ammo voqea tafsilotlari yaqinda ommaga ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Independent.
O‘FA «Oltin to‘p» sohibini terma jamoaga taklif qilmoqda

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) «Oltin to‘p»ning 2006-yilgi g‘olibi Fabio Kannavaro bilan muzokaralar olib bormoqda.
Italiya terma jamoasi afsonasi sanalgan Kannavaro murabbiylik faoliyati davomida BAA, Xitoy va Saudiya Arabistoni klublarini boshqargan. Shuningdek, u Xitoy terma jamoasi, «Benevento», «Udineze» va «Dinamo» Zagreb klublarida ham bosh murabbiy sifatida ishlagan.
Toshkent Markaziy Osiyodagi ikkinchi yirik havo yuk markaziga aylandi

2019 – 2024-yillar yakunlariga ko‘ra, Toshkent aeroporti Markaziy Osiyoda Olmaotadan keyin ikkinchi yirik havo yuk markazi sifatida qayd etildi. Bu haqda Freightos Group strategik yetkazib berish bo‘limi rahbari Kelli Chen ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ostonа uchinchi o‘rinni egallagan, undan keyin Bishkek, Dushanbe va Ashxobod aeroportlari joylashadi. Chen ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasida yuk tashish hajmi oshgani bois muhim transport xabiga aylanmoqda. Ammo Qozog‘iston mintaqaning asosiy siyosiy-iqtisodiy markazi bo‘lib qolmoqda.
Oʻzbekistonda 2,1 GVt quvvatga ega AES quriladi

Jizzax viloyati hududida ikkita bir ming MVt quvvatli reaktordan iborat kombinatsiyalangan atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev xabar berdi.
Bundan tashqari, 55 MVt quvvatga ega yana ikkita kichik reaktor barpo etiladi. Xoʻjayev «Rosatom» bilan amalga oshiriladigan ushbu loyiha oʻziga xosligini ta’kidladi.
29-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

29-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 138,67 so‘m (-61,04 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.