Bu hech qanday firibgarlik emas — liftlarga yopishtirilayotgan QR-kodli yorliqlar haqida izoh berildi

eʼlon qilindi
Yorliqlar rasmiy xodimlar tomonidan yopishtirilmoqda
liftlarga yopishtirilayotgan QR-kodli yorliqlar haqida izoh berildi. Foto: Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi liftlarga firibgarlar tomonidan QR-kodli yorliqlar yopishtirib ketilayotgani haqidagi xabarlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahridagi barcha liftlar ro‘yxatga olinib, ularning texnik holati bazasi shakllantirilgan. Aholi liftning ishlash holati haqida to‘liq xabardor bo‘lishi uchun kabinalarga QR-kodli yorliqlar qo‘mita xodimlari tomonidan yopishtirilmoqda. Bu kod orqali qo‘mitaning rasmiy saytiga kirib, lift haqida batafsil ma’lumot olish mumkin. Bu hech qanday firibgarlik emas, balki foydalanuvchilar xavfsizligi uchun xizmat qiladi.

Hukumat qarorlariga binoan, liftlarning texnik ko‘rikdan o‘tganlik holati rangli stikerlar bilan belgilanadi: yashil (ishlashga yaroqli), moviy (qisman nosoz), sariq (nosoz) va qizil (foydalanish xavfli). O‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha 14,8 mingta liftning 8,5 mingtasida servis xizmatlari tashkil etilmagan. Shuningdek, 9,1 mingtasi esa belgilangan muddatda texnik sinovdan o‘tmagan. Shundan qariyb yetti ming lift Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Hozirgi kunda qo‘mita texnik sinovdan o‘tmagan liftlar bo‘yicha boshqaruv kompaniyalarini ogohlantirib, aholini xabardor qilish ishlari, matbuot anjumanlari va profilaktik chora-tadbirlarni davom ettirmoqda. Shu bilan birga, aholiga shubhali holatlar yuzaga kelsa, 71 203 02 39 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Avvalroq liftlarni yiliga bir marotaba texnik ko‘rikdan o‘tkazish belgilangandi. Unga ko‘ra, bino va inshootlarda doimiy foydalanilayotgan liftlar har 12 oydan kam bo‘lmagan muddatda kamida bir marotaba majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Shuningdek