Buxoroga tashrif buyurgan turistlar soni 4,3 barobarga oshdi

Bu yil O‘zbekistonda ichki sayohatlar o‘tgan yilga nisbatan 2,8 barobar ko‘paydi. Eng ko‘p tashrif buyurilayotgan yo‘nalishlar qatorida Toshkent, Urganch, Nukus, Farg‘ona va Buxoro bor. Bu haqda Aviasales «Kursiv» nashriga xabar berdi.
Buxoro alohida ajralib turibdi – shaharga bron qilishlar soni 4,3 barobarga (+331%) oshgan. Turistlar odatda qadimiy shaharda 2 kun qolishni ma’qul ko‘rmoqda.
Ichki turizmda yetakchilikni esa poytaxt saqlab qolmoqda: Toshkentga bronlar 2,5 barobarga (+150%) oshgan, chipta narxlari esa o‘tgan yilgi darajada qolgan. Urganch ikkinchi o‘rinda bo‘lib, bu yo‘nalishga parvozlar narxi 23 foizga arzonlashgan.
Reytingning keyingi pog‘onalarida Nukus va Farg‘ona joylashgan. Buxoro esa bu yil keskin o‘sish bilan beshlikka kirdi.
Oilaviy sayohatlar bo‘yicha yetakchi shahar Andijon bo‘lsa, Samarqand ikkinchi o‘rinda qayd etildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Xitoyga viza bekor qilingandan keyin o‘zbekistonlik sayyohlar oqimi oshgani haqida yozgandi.