
Amerikaning Thor Industries kompaniyasi tomonidan dunyodagi birinchi gibrid klass «A» avtouyi taqdim etdi. Bu haqda Drive xabar bermoqda.
Ushbu turdagi avtouylar avtobus shassisiga quriladi va eng yirik format hisoblanadi. Yangi model Entegra Embark deb nomlanib, EREV texnologiyasi (elektr transport vositasi — kengaytirilgan yurish masofasi bilan) asosida yaratilgan.

Entegra Embark faqat elektr rejimida 170 km yo‘l bosishi mumkin. Benzinli generator ishga tushirilganda masofa 725 km gacha oshadi. Bu tizimning farqi shundaki, ichki yonuv dvigateli g‘ildiraklarni harakatga keltirmaydi, balki faqat akkumulyatorlarni zaryadlaydi. 140 kVt·soat sig‘imli batareya 800 voltli arxitekturaga ega va tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga, oddiy rozetka yoki kemper elektr tarmog‘idan ham zaryad olish mumkin. Bunday batareya avariya holatlarda butun uy yoki dala hovliga ham elektr ta’minoti bera oladi.

Avtouyning ichki qismi ham zamonaviy uslubda jihozlangan. Oshxonada induksion va gaz panellari, mikroto‘lqinli pech, muzlatkich va boshqa texnika mavjud. Mehmonxonaga o‘xshash qismida teri o‘rindiqlar, quvvat olish portlari, 40 dyuymli smart-televizor va «queen-size» o‘lchamli keng karavot joylashtirilgan. Shuningdek, alohida qulay dush xonasi ham mavjud.
Yangi avtouyning narxi hozircha rasman oshkor qilinmagan, lekin ekspertlar uni taxminan $100 ming deb baholamoqda. ommaviy ishlab chiqarish 2026-yilda boshlanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet avtomobili uyli pikapga aylantirilgani haqida yozgan edi.