
Xitoy bozorida Mercedes CLA L avtomobili taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Model kompaniya elektromobillari ichida eng arzon narxga ega bo‘lib, 259 ming yuandan (taxminan $36 ming) boshlanadi.
Yangi elektromobil tashqi ko‘rinishda bahorda Shanxay avtosalonida ko‘rsatilgan CLA’dan deyarli farq qilmaydi, faqat kuzovi 40 millimetrga uzaytirilgan. O‘lchamlari: uzunligi 4 763 mm, kengligi 1 856 mm, balandligi 1 469 mm, g‘ildirak bazasi esa 2 830 mm. Model ikkita versiyada — CLA 300 L Ultra-Long Range Edition va Ultra-Long Range Intelligent Edition ko‘rinishida taqdim etilmoqda.

Salon zamonaviy texnologiyalar bilan to‘ldirilgan. Old panel bo‘ylab uchta ekran joylashtirilgan: 10,25 dyuymli asboblar paneli, 14,6 dyuymli markaziy boshqaruv ekrani va 14 dyuymli yo‘lovchi displeyi. Tizim MB.OS operatsion platformasida ishlaydi, sun’iy intellekt asosidagi ovozli boshqaruvni qo‘llaydi, 5G tarmog‘iga ulanadi va ko‘plab elektron yordamchilarni o‘z ichiga oladi.

Bir motorli, orqa g‘ildirakdan harakatlanuvchi versiya 268 ot kuchi ishlab chiqaradi va 0 dan 96 km/soat tezlikka 6,6 soniyada chiqadi. To‘liq g‘ildirakdan harakatlanuvchi versiya esa 349 ot kuchiga ega bo‘lib, 96 km/soat tezlikni 4,8 soniyada oladi. 85 kVt/soatli batareya 800 voltli arxitektura bilan ishlab chiqilgan va 325 kVtgacha tezkor quvvatlashni qo‘llaydi. Shunday qilib, atigi 10 daqiqada mashinani 325 km masofaga yetarli zaryad bilan to‘ldirish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mercedes-Benz Nissan’dagi ulushini $325 millionga sotgani haqida yozgan edi.