
Gretsiya tashqi ishlar vaziri Georgos Gerapetritis BMT Bosh Assambleyasi doirasida jurnalistlarga bergan intervyusida mamlakatdagi suv hududida G‘azoga yo‘l olayotgan kemalarning xavfsiz suzib o‘tishini kafolatlashini aytdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
U, shuningdek, Isroil hukumatiga bu kemalarda yunon fuqarolari borligi haqida rasmiy xabar berilganini ta’kidladi.
Global Sumud tashabbusi doirasida 50 ga yaqin fuqarolik kemalari G‘azoga yo‘l olgan. Ularning asosiy maqsadi — Isroilning G‘azoga qo‘ygan dengiz blokadasini buzib o‘tish. Safarda turli mamlakatlardan huquqshunos va faollar, jumladan, shved iqlim faoli Greta Tunberg ham ishtirok etmoqda.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Krit oroli yaqinida bir nechta kema joylashgan va Gretsiya ularning xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Bu borada Isroil tomoni ham xabardor qilingan.
Isroil esa ushbu tashabbus ishtirokchilarini Hamas harakatiga yon bosishda ayblab kelmoqda. Yaqinda Gavdos oroli atrofida kemalarga 12 ta dron bilan hujum qilingach, Italiya flotga yordam berish uchun o‘z harbiy kemasini yubordi.
Gretsiya esa hozircha Italiya va Ispaniya harbiy kemalariga qo‘shilmasligini bildirdi. Shunga qaramay dron hujumi bo‘yicha maxsus tekshiruv o‘tkazilishi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya va Ispaniya G‘azoga yordam kemalarini himoya qilishi haqida xabar bergan edik.