
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda haydovchilik guvohnomasi uchun pora olganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida «Vatanparvar» tashkiloti Buvayda bo‘limi inspektori fuqaroni imtihondan o‘tkazib, «V» toifali haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan. So‘ngra ushbu va’da evaziga $1 000 olayotganda ushlangan.
Boshqa bir holatda Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanida fuqaro boshqa bir fuqaroni aldab, bekor qilingan haydovchilik guvohnomasini tanishlari orqali qayta tiklab berishini va’da qilgan. Keyin esa bu xizmat evaziga $1,5 ming olayotganda qo‘lga olingan.
Departamentga ko‘ra, har ikki holat yuzasidan firibgarlik va pora berish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq bunday holat Qashqadaryo viloyatida ham bo‘lgandi. Unda viloyatdagi «Vatanparvar» tashkiloti rahbar o‘rinbosari imtihonsiz haydovchilik guvohnomasi berib qo‘yish uchun 20 mln so‘m pora olgan paytda qo‘lga olingan. Shuningdek, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangandi.