
Xitoyda Li Auto kompaniyasining yangi besh o‘rinli Li Auto i6 elektromobili savdoga chiqdi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda.
Mashinaning boshlang‘ich narxi 249 800 yuandan boshlanadi, bu qariyb $35 mingga teng. CLTC sikli bo‘yicha u bir marta quvvatlanishda 720 km masofa bosib o‘tadi.
Kuzovi ikki rangda, eshik tutqichlari esa yashirin tarzda taqdim etilgan. Avtomobilning uzunligi 4,95 m, kengligi 1,93 m, balandligi 1,65 m, g‘ildiraklar bazasi esa 3 mni tashkil etadi.

Salon uchta displey bilan jihozlangan. 16,8 dyuymli proektsion, ikki dona 3K ekran va orqa qator uchun 21,4 dyuymli monitor o‘rnatilgan. Unda Ideal Classmate MindGPT sun’iy intellekti ishlaydi. Mashinada 20 ta dinamik, kichik stol va chiroq, sovitkich, elektr sozlanadigan o‘rindiqlar mavjud. O‘rindiqlarni to‘liq yotqizib, ularni karavotga aylantirish mumkin.
Li Auto i6 orqa g‘ildirakdan tortuvchi (250 kVt) va to‘liq g‘ildirakli (150 kVt + 250 kVt) versiyalarda taqdim etildi. Avtomobil litiy-temir-fosfat akkumulyatori bilan jihozlangan. Atigi 10 daqiqa quvvatlanganda 500 km masofaga yetarli energiya oladi. Quvvat sarfi 13,6 kVt/soat/100 km.
Mashina hatto minimal zaryad darajasida ham 120 km/soat tezlikni ushlab turadi. U balandlikka chiqishi va yer osti garajlariga kirib-chiqishi mumkin. Elektr tizimiga 8 yil yoki 160 ming km kafolat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas avtomobilining eskirmaslik sabablari haqida yozgan edi.