Microsoft Isroil bilan harbiy hamkorlikni to‘xtatdi

Microsoft Isroil mudofaa vazirligi bilan hamkorlikni to‘xtatdi. Bunga falastinliklarni keng ko‘lamda kuzatishda Microsoft texnologiyalaridan foydalanilgani haqidagi iddaolar sabab bo‘ldi, deya yozmoqda CNN.
Avvalroq Isroil razvedkasining 8200-bo‘linmasi Microsoft’ning Azure bulut texnologiyasi orqali millionlab telefon qo‘ng‘iroqlarini saqlagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Microsoft rahbari Bred Smitning bayonotiga ko‘ra, kompaniya tinch aholining kuzatuvi uchun texnologiya taqdim etmaydi. Shu sababli Isroil mudofaa vazirligiga oid obunalar o‘chirilib, bulut xotira va sun’iy intellekt xizmatlari to‘xtatildi.
Tekshiruv davomida Microsoft ayrim xulosalarni tasdiqlovchi dalillar topdi. Jumladan, Isroilning Yevropadagi serverlardan va SI xizmatlaridan foydalangani aniqlandi.
Isroil xavfsizlik rasmiylari bu qaror mudofaa tizimining imkoniyatlariga katta ta’sir ko‘rsatmaganini bildirdi. Microsoft esa tekshiruv davom etayotganini qayd etdi va fuqarolarni kuzatuvga yordam beradigan texnologiyalarni hech kimga taqdim etmasligini eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Italiya porti Isroilga qurol yetkazishni to‘xtatgan edi.