
Oppo Hindiston bozorida o‘zining mashhur Reno 14 5G smartfonining maxsus Diwali Edition versiyasini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.
Diwali Edition’ning orqa paneli madaniy ilhom asosida ishlangan. Unda mandala naqshlari, tovus tasviri va olovga o‘xshash elementlar uyg‘unlashtirilgan. Qora va oltin ranglar uyg‘unligi esa yanada kontrast va chuqurlik bag‘ishlaydi. Eng qiziq jihati — Oppo GlowShift texnologiyasi bo‘lib, u issiqlikka sezgir panel rangini o‘zgartiradi: sovuqda qora, issiqda esa oltin tusga kiradi. Kompaniya bu yechim minglab sikllarda ham o‘z xususiyatini yo‘qotmasligini ta’kidlamoqda.
Smartfon kosmik darajadagi mustahkam ramka, Gorilla Glass 7i himoyasi va IP66, IP68 hamda IP69 standartlariga mos chang va suvga chidamlilikka ega.
Narx va aksiyalar
Reno 14 5G Diwali Edition 8/256 GB versiyasi uchun Hindistonda 39 999 rupiyaga ($450)sotuvga chiqmoqda. Bayram chegirmalari bilan narx 36 999 rupiyaga ($417) tushadi. Bundan tashqari, xaridorlar 3 000 rupiyagacha ($33) cashback, almashinuv bonuslari, 0% EMI kreditlari va Google One bulut hamda OTT platforma obunalari kabi qo‘shimcha takliflardan foydalanishi mumkin.
Texnik xususiyatlari
- 6,6 dyuymli 1,5K AMOLED displey, 120 Hz yangilanish tezligi;
- MediaTek Dimensity 8350 protsessori, LPDDR5X tezkor xotira va UFS 3.1 saqlash;
- 6 000 mA/soat batareya, 80 Vt tezkor quvvatlash;
- Orqa kamera tizimi: 50 MP asosiy (OIS bilan), 8 MP ultra-keng, 50 MP telefoto (3,5x optik zoom);
- Old kamera: 50 MP autofokus;
- Android 15 asosida ishlovchi ColorOS 15;
- Ikki dinamik, eSIM qo‘llab-quvvatlashi, ekran osti barmoq izi skaneri;
- 187 gramm og‘irlikdagi ixcham korpus.
Yangi smartfon Hindistondagi iste’molchilar uchun nafaqat texnik imkoniyatlari, balki o‘ziga xos dizayni bilan ham qiziqarli variant bo‘lib chiqmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oppo kompaniyasi hamyonbop smartfonlarini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.