O‘zbekistonda super-kontrakt bekor qilinmadi, balki tartibi o‘zgardi — vazirlik

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «O‘zbekistonda super-kontrakt to‘liq bekor qilindi» degan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu borada rasmiy munosabat bildirdi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-sonli qarori bilan 2017-yilgi 393-sonli qaror o‘z kuchini yo‘qotdi. Mazkur qarorga ko‘ra, avval 56,7 balldan past natija ko‘rsatgan abituriyentlarga 10 barobar oshirilgan to‘lov asosida o‘qishga kirish huquqi berilar edi. Endilikda ushbu tartib bekor qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, qabul chegarasiga yetmagan abituriyentlar uchun to‘lov-kontrakt miqdori tabaqalashtirilgan holda belgilanadi:
- 1,05 ballgacha yetmaganlarga — bazaviy kontraktning 1,5 barobari;
- 1,06–2,05 ballgacha yetmaganlarga — 2 barobari;
- 2,06–3,05 ballgacha yetmaganlarga — 2,5 barobari;
- 3,06–4,05 ballgacha yetmaganlarga — 3 barobari.
4,05 balldan ortiq yetmagan abituriyentlar uchun esa kontrakt miqdori oliy ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan bazaviy kontraktning kamida 3 barobari etib belgilanadi.
Demak, «super-kontrakt» atamasi amaliyotdan chiqdi, biroq uning o‘rniga tabaqalashtirilgan yangi kontrakt tizimi joriy etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yildan super kontrakt miqdorini OTM rektorlari belgilashi haqida xabar bergan edik.