Prezident kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni ikki haftada yakunlashni buyurdi

Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda paxta hosili yig‘imi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, «Yashil makon» dasturi ijrosi hamda investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari muhokama qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu yil 875 ming gektar maydonda chigit ekilib, 3,7 mln tonna hosil rejalashtirilgan. Terim jarayonlariga 900 dan ortiq mashina jalb etilgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda rejadan orqada qolish holatlari kuzatilmoqda. Prezident qisqa muddatda favqulodda shtablar tuzib, hosilni sifatli yig‘ib olish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 640 ta maktab va bog‘chadan 125 tasi, 9,8 ming ko‘p qavatli uydan mingga yaqini, shuningdek, ayrim qozonxonalar hali tayyor emasligi ta’kidlandi. Davlat rahbari ikki hafta ichida bu masalalarni hal etishni, elektr va gaz ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslikni qat’iy topshirdi.
«Yashil makon» dasturida esa bu yil ekilgan 137 mln ko‘chatning 27,5 mln qismi qurib qolgani tanqid qilindi. Shu bois kuzda 125 mln , bahorda esa 75 mln tup daraxt ekish rejalashtirilmoqda. Shaharlarni yashillashtirish bo‘yicha maxsus «yashil master rejalar» ishlab chiqilishi belgilandi.
Investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari ham muhokama qilinib, uchinchi chorak yakunida xorijiy investitsiyalar hajmi $33,5 mlrd.ga, eksport esa $23 mlrd.ga yetishi qayd etildi. Prezident yil oxirigacha qo‘shimcha $7,3 mlrd.lik eksportni ta’minlash va AQSh shtatlari bilan hamkorlikni kengaytirish vazifasini qo‘ydi.
Yig‘ilish yakunida barcha yo‘nalishlarda belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev BMTdagi nutqida qaysi so‘zdan ko‘p foydalangani haqida yozgan edik.